Qishloq aholi punktlarining yerlariga yer tuzish tartibida ana shu punktlar uchun belgilab qoʻyilgan chegaralar doirasidagi hamma yerlar kiradi. Qishloq aholi punktlarining yerlari jumlasiga quyidagilar kiradi: 1) qishloq aholi punktlarining qishloqlar va ovullar hududidagi yerlari; 2) qishloq aholi punktlarining qishloq xoʻjaligi hamda oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari hududidagi yerlari. Qishloq aholi punktlarining chegarasi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ularni rejalashtirish, qurish hamda ichki xoʻjalik yer tuzish loyihalariga muvofiq belgilanadi va oʻzgartiriladi. Qishloq aholi punktlarining yerlaridan foydalanish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi. Qishloq aholi punktlarining qishloq xoʻjaligi hamda oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari hududidagi yerlari shahar chegarasiga kiritilgan taqdirda, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar tarkibidan chiqariladi va shaharning tegishli yerlari tarkibiga kiritiladi. Bunda ayrim binolar va inshootlar, ularni obodonlashtirish uchun zarur boʻlgan yer uchastkalari bilan birga, qishloq xoʻjaligi hamda oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining xohishiga koʻra oʻzlarida doimiy foydalanish yoki ijara uchun qoldirilishi mumkin, qolgan binolar va inshootlarning qiymati hamda shu aholi punktlari hududida qilingan boshqa xarajatlar esa yer egalariga va yerdan foydalanuvchilarga mahalliy budjetdan toʻlanadi.