Yoʻl harakati toʻgʻrisida 21-modda. Yoʻlning taʼmirlash ishlari olib borilayotgan uchastkalarida yoʻl harakatini tashkil etish

Yoʻl uchastkalarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash yoki taʼmirlash boʻyicha ishlar bajarilayotganda yoʻlning mazkur uchastkalaridagi qatnov qismining koʻpi bilan ellik foizi oʻtish uchun cheklanishi yoki yopilishi mumkin. Yoʻl uchastkalarida qatnov qismining ellik foizidan koʻprogʻini yopish zarur boʻlgan taqdirda mazkur yoʻl uchastkalarini aylanib oʻtish taʼminlanishi kerak. Yoʻl uchastkalarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash yoki taʼmirlash boʻyicha ishlar boshlanishidan yoxud yoʻl uchastkalarida boshqa ishlar amalga oshirilishidan uch kun oldin va ushbu ishlarni bajarish davrida yoʻl harakatini tashkil etishning zarur texnik vositalari oʻrnatiladi. Yoʻl uchastkalarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash yoki taʼmirlash boʻyicha ishlarni bajarish toʻgʻrisidagi yoxud yoʻl uchastkalarida boshqa ishlarni amalga oshirish haqidagi axborot ommaviy axborot vositalariga oldindan joylashtiriladi. Yoʻl uchastkasini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash yoki taʼmirlash boʻyicha ishlarni bajarish chogʻida ushbu ishlarni bajarishga doir shartnomalarda belgilanmagan toʻsiqlarni oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi.