Yoʻl harakati toʻgʻrisida 42-modda. Mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan haydovchilarning huquqlari

Mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan haydovchilar quyidagi huquqlarga ega: ish beruvchidan harakatlanish yoʻnalishi, tashiladigan yuk haqida, oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun mavjud boʻlgan tahdid toʻgʻrisida, shuningdek tashishni amalga oshirish chogʻida zararli va (yoki) xavfli omillar taʼsiridan oʻzining himoya qilinishiga doir chora-tadbirlar haqida ishonchli axborot olish; belgilangan talablarga muvofiq shaxsiy himoya vositalari, maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlanish; yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha shart-sharoitlarni yaxshilash bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni koʻrib chiqishda ishtirok etish; oʻz hayoti va sogʻligʻiga tahdid soladigan vaziyat yuzaga kelgan taqdirda, tashishni bajarishni bevosita rahbarini yoki ish beruvchining boshqa vakilini bu haqda xabardor qilgan holda rad etish; yoʻl harakati xavfsizligi sohasida malakasini oshirish va kasbiy qayta tayyorgarlikdan oʻtish; mehnat vazifalarini bajarish chogʻida oʻz sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi; ish beruvchining yoʻl harakati sohasidagi gʻayrihuquqiy qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish. Mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan haydovchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.