Yoʻl harakati toʻgʻrisida 44-modda. Transport vositalarini boshqarish huquqi

Quyidagilarni: mototsikllar, motorollerlarni va boshqa mototransport vositalarini boshqarish huquqi — oʻn olti yoshga toʻlgan shaxslarga beriladi; ruxsat etilgan eng koʻp ogʻirligi 3500 kilogrammdan va oʻrindiqlar soni haydovchining oʻrindigʻidan tashqari sakkiztadan oshmaydigan avtomobillarni boshqarish huquqi, bundan taksi mustasno — oʻn sakkiz yoshga toʻlgan shaxslarga beriladi; ruxsat etilgan eng koʻp ogʻirligi 3500 kilogrammdan oshadigan yuk avtomobillarini boshqarish huquqi — oʻn sakkiz yoshga toʻlgan shaxslarga beriladi; taksi sifatida foydalaniladigan avtomobillarni, shuningdek yoʻlovchilar tashish uchun moʻljallangan va haydovchining oʻrindigʻidan tashqari sakkiztadan ortiq oʻrindigʻi boʻlgan avtomobillarni, tramvaylar va trolleybuslarni boshqarish huquqi — yigirma bir yoshga toʻlgan shaxslarga beriladi; transport vositalari tarkiblarini boshqarish huquqi — ushbu qismning uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida koʻrsatilgan transport vositalarini boshqarish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga transport vositasini boshqarish staji oʻn ikki oydan kam boʻlmagan taqdirda beriladi. Transport vositalarini boshqarish huquqi tibbiy tekshiruvdan oʻtgan va malaka imtihonlarini topshirgan shaxslarga beriladigan belgilangan namunadagi guvohnoma bilan tasdiqlanadi. Malaka imtihonlarini topshirish va transport vositalarini boshqarish huquqiga doir guvohnomani berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan milliy va xalqaro haydovchilik guvohnomalari amal qiladi.