Advokatura toʻgʻrisida 11-modda. Advokatlar mehnatiga haq toʻlash

Advokatlarning mehnatiga jismoniy va yuridik shaxslardan ularga yuridik yordam koʻrsatilganligi uchun advokatlik tuzilmalariga kelib tushgan mablagʻlar hisobidan haq toʻlanadi. Mablagʻlar yetarli boʻlmagan taqdirda, Advokatlar palatasining yuridik maslahatxonani tashkil etgan hududiy boshqarmasi ushbu yuridik maslahatxonaning taʼminoti uchun qoʻshimcha mablagʻlar ajratadi. Yuridik xizmat uchun haq toʻlash advokat bilan ishonch bildiruvchi shaxs (himoya ostidagi shaxs) oʻrtasida ixtiyoriy ravishda tuziladigan bitim (shartnoma) asosida amalga oshiriladi. “Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatgan advokatga koʻrsatilgan yuridik yordam uchun haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda va miqdorlarda amalga oshiriladi.