Zarur bilimlar va kasbiy malakalarga ega boʻlgan shaxslarga litsenziyalar berish toʻgʻrisidagi masalani hal etish, advokat qasamyodini qabul qilish maqsadida, shuningdek advokatlarga nisbatan intizomiy ish yuritishni olib borish uchun Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari huzurida malaka komissiyalari tuziladi. Malaka komissiyalari hamkasblari orasida hurmatga sazovor boʻlgan advokatlar, shuningdek huquq sohasidagi tajribali mutaxassislar orasidan toq miqdorda Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalarining va adliya organlarining qoʻshma qarorlari bilan tuziladi. Malaka komissiyalarining qarorlari ustidan keltirilgan apellyatsiyalarni koʻrib chiqish, malaka komissiyalarining ish amaliyotini umumlashtirish va tahlil qilish uchun Advokatlar palatasi huzurida Oliy malaka komissiyasi tuziladi. Oliy malaka komissiyasining tarkibi hamkasblari orasida hurmatga sazovor boʻlgan advokatlar, shuningdek huquq sohasidagi tajribali mutaxassislar orasidan toq miqdorda Advokatlar palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining qoʻshma qarori bilan tasdiqlanadi. Malaka komissiyalarining vakolatlari va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Advokatlar palatasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.