Aholi bandligi toʻgʻrisida 12-modda. Mahalliy ijro hokimiyati organlarining aholi bandligi sohasidagi vakolatlari

Mahalliy ijro hokimiyati organlari: tegishli hududda aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini amalga oshiradi; aholi bandligiga koʻmaklashishga doir hududiy dasturlarni, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini va ish oʻrinlarini tashkil etishga doir hududiy investitsiya loyihalarini ishlab chiqadi hamda ularning bajarilishini taʼminlaydi; ish oʻrinlari tashkil etilishini va aholi bandligining oʻsishini ragʻbatlantirish, ishsizlik darajasini kamaytirish, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi; aholi bandligiga koʻmaklashishga doir dasturlar prognoz parametrlarining bajarilishini taʼminlaydi; yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini ragʻbatlantirish boʻyicha hududiy jamgʻarmalar faoliyatini boshqarishni amalga oshiradi, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash uchun tijorat banklarida kredit liniyalarini ochish choralarini koʻradi; aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish uchun davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkilotlarni tashkil etadi; oilaviy tadbirkorlikni, hunarmandchilikni, tomorqa xoʻjaliklaridagi qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishlarini, kasanachilikni rivojlantirishga koʻmaklashadi; umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari, kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari bandligini taʼminlash boʻyicha choralar koʻradi; eng kam ish oʻrinlari sonini belgilaydi; mehnat bozorini barqarorlashtirishga, shu jumladan xodimlarning ommaviy ravishda ishdan ozod etilishining oldini olishga, ustuvor rivojlantirish hududlarini aniqlashga koʻmaklashadigan tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.