Aholi bandligi toʻgʻrisida 17-modda. Kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining aholi bandligini taʼminlashda ishtirok etishi

Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari aholi bandligi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish, bandlikni taʼminlash boʻyicha, shu jumladan yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va mavjudlarini saqlab qolish, tashkilotlar faoliyatini yaxshilash, xodimlarning ommaviy ravishda ishdan boʻshatilishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni taklif etish huquqiga ega. Ish beruvchi kamida ikki oy oldin tegishli kasaba uyushmasiga yoki xodimlarning manfaatlarini ifodalovchi kasaba uyushmalari birlashmasiga xodimlar ommaviy ravishda ishdan boʻshatilishi mumkinligi haqida axborot taqdim etadi va ishdan boʻshatish oqibatlarini yumshatishga qaratilgan maslahatlashuvlar oʻtkazadi. Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari ish beruvchining xodimlarni ommaviy ravishda ishdan boʻshatilish haqidagi qarorini olti oygacha boʻlgan muddatga toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi taklifni mahalliy davlat hokimiyati organlariga koʻrib chiqish uchun kiritish huquqiga ega. Jamoa shartnomasida yoki kelishuvda nazarda tutilgan hollarda, tegishli kasaba uyushmasining yoki boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkilotining oldindan berilgan roziligisiz mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan tugatishga, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyilmaydi. Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi boshqa tadbirlarda ham “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishtirok etishi mumkin.