Aholi bandligi toʻgʻrisida 21-modda. Kredit liniyalari

Kredit liniyalari tijorat bankiga tadbirkorlik subyektlarini kreditlash uchun faqat maqsadli asosda, kredit summasini bankning balansida aks ettirgan holda ajratiladigan mablagʻlardir. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan kredit liniyalari tijorat banklarida keyinchalik ular tomonidan yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini nazarda tutuvchi loyihalarni amalga oshirishga mikrokreditlar ajratish uchun ochiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmalari hisobidan kredit liniyalari tijorat banklarida quyidagilar uchun: tadbirkorlik subyektlarining barqaror ish oʻrinlari tashkil etilishini, ayniqsa qishloq joylarda tashkil etilishini nazarda tutuvchi faoliyatini kredit bilan qoʻllab-quvvatlash; mehnat resurslari ortiq darajada boʻlgan hududlarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini nazarda tutuvchi korxonalar tashkil etib, hududiy jamgʻarmalarning tashkil etilgan korxonalardagi ulushini keyinchalik xususiy sheriklarga realizatsiya qilish; Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlariga binoan yangi ish oʻrinlarini tashkil etishga hamda aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun ochiladi.