Aholi bandligi toʻgʻrisida 48-modda. Ishsiz shaxsni mahalliy mehnat organlarida hisobdan chiqarish uchun asoslar

Ishsiz shaxs quyidagi hollarda mahalliy mehnat organlarida hisobdan chiqarilishi mumkin: ishga joylashganda; qonunchilikda belgilangan tartibda bandlikni ragʻbatlantirish va tadbirkorlikka jalb etish uchun subsidiya olganda; Oʻzbekiston Respublikasining Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mikrokredit olganda; oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatga olinganda; qonunchilikka muvofiq pensiya taʼminoti huquqiga ega boʻlganda (pensiya turidan qatʼi nazar); shaxs doimiy yashash uchun boshqa joyga koʻchib oʻtganda; uzrli sababsiz mahalliy mehnat organiga kelmaganda; Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirganda; maqbul keladigan ishga doir takliflarni muntazam ravishda (ikki martadan koʻp) rad etganda; ishga joylashtirishga doir yoʻllanmani yoki ishga joylashishga koʻmaklashish yuzasidan murojaatnomani olishga kelishdan boʻyin tovlaganda; shaxs qonunga xilof ravishda ishsiz shaxs deb eʼtirof etilganligi fakti aniqlanganda; sudning ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi hukmi qonuniy kuchga kirganda; muddatli harbiy xizmatga chaqirilganda; ishsiz shaxs vafot etganda. Ushbu modda birinchi qismining sakkizinchi — oʻn birinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra hisobdan chiqarilgan shaxslar ishsiz sifatida mahalliy mehnat organida hisobdan chiqarilgan kundan eʼtiboran oʻttiz kalendar kun oʻtgach mahalliy mehnat organiga ish qidirayotgan shaxs sifatida takroran murojaat qilish huquqiga ega. Ishsiz shaxsni mahalliy mehnat organida hisobdan chiqarish mahalliy mehnat organi rahbarining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi, buyruqda ishsiz shaxsni hisobdan chiqarish asosi, shuningdek shaxs hisobdan chiqariladigan sana koʻrsatiladi. Ishsiz shaxsni mahalliy mehnat organida hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Bandlik xizmati” axborot tizimiga kiritiladi.