Aholi bandligi toʻgʻrisida 54-modda. Mahalliy mehnat organlarini ishsizlik nafaqasini toʻlashga taʼsir koʻrsatadigan shartlar oʻzgarganligi toʻgʻrisida xabardor qilish

Ishsizlik nafaqasini olayotgan ishsiz shaxslar mahalliy mehnat organini quyidagilar toʻgʻrisida uch kunlik muddatdan kechiktirmay xabardor qilishi shart: mustaqil ravishda ishga joylashganligi (mehnat shartnomasi tuzganligi); fermer yoki dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasini ijaraga olganligi; tadbirkorlik faoliyati yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida boshqa har qanday faoliyat bilan shugʻullanishdan daromad olayotganligi; tijorat bankidan, mikromoliya tashkilotidan yoki lizing kompaniyasidan kredit yoki lizing olganligi; kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslariga mustaqil ravishda (mahalliy mehnat organi vositachiligisiz) kirganligi; qonunchilikka muvofiq pensiya taʼminoti huquqiga ega boʻlganligi (pensiya turidan qatʼi nazar); harbiy majburiyatlarni bajarganligi va harbiy xizmatga tayyorgarlik bilan bogʻliq tadbirlarda ishtirok etganligi; yashash joyi oʻzgarganligi; ishsizlik nafaqasini toʻlash shartlari oʻzgarishiga sabab boʻladigan boshqa holatlar. Mahalliy mehnat organlari ishsizlik nafaqasini toʻlash shartlari oʻzgarganligi toʻgʻrisida “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan va idoralararo hamkorlikning boshqa shakllaridan foydalangan holda, mustaqil ravishda axborot olishga haqlidir.