Aholi bandligi toʻgʻrisida 59-modda. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarining asosiy turlari

Haq toʻlanadigan jamoat ishlarining asosiy turlari quyidagilardan iborat: shaharlarning, tumanlarning, aholi punktlarining, mahallalarning hududlarini va boshqa hududlarni obodonlashtirish (koʻkalamzorlashtirish, yigʻishtirish, oqlash, ariqlarni, qabristonlarni, ziyoratgohlarni, madaniy obyektlarni tozalash va boshqalar); uy-joy-kommunal obyektlar va boshqa infratuzilma obyektlari hududlariga tutash uy-joy fondining obyektlarini taʼmirlash hamda ularning faoliyat koʻrsatishini taʼminlash; koʻchalarni, yoʻllarni va yoʻlkalarni taʼmirlash; qishloq xoʻjaligi ishlari, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, ularni saqlash va qayta ishlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hosilini yigʻib-terib olish, irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini taʼmirlash; nogironligi boʻlgan shaxslarni, keksalarni, bemorlarni va boshqa shaxslarni parvarishlash; sanoat tarmoqlari tashkilotlaridagi va xizmatlar koʻrsatish sohasidagi ishlar; obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining qarorlariga muvofiq haq toʻlanadigan jamoat ishlarining boshqa turlari ham nazarda tutilishi mumkin. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarining taklif etilayotgan turlari haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etiladigan shaxslarning kasbiy koʻnikmalarini, ish tajribasini, yoshini, jinsini va boshqa oʻziga xos xususiyatlarini, ish rejimini va mehnatni muhofaza qilishga oid zarur shart-sharoitlarni hisobga olishi kerak.