Ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga doir davlat buyurtmasi (bundan buyon matnda kasbga oʻqitishga doir davlat buyurtmasi deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan shakllantiriladi. Kasbga oʻqitishga doir davlat buyurtmasi quyidagi maʼlumotlardan kelib chiqqan holda kelgusi yil uchun shakllantiriladi: Oʻzbekiston Respublikasining demografik tahlili va demografik rivojlanish prognozlaridan; ish qidirayotgan shaxslarning va ishsiz shaxslarning prognoz sonidan; kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malakasini oshirishga ehtiyoji boʻlgan shaxslarning prognoz sonidan; umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari, kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari sonining prognozidan; rivojlantirish dasturlariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan kasbga oʻqitishga nisbatan ehtiyojning asosiy yoʻnalishlari prognozidan.