Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi (bundan buyon matnda Migratsiya agentligi deb yuritiladi): mehnat migrantlarini jalb qilish uchun oʻz mamlakatining vakolatli organlarida rasman roʻyxatga olingan yoki akkreditatsiyadan oʻtkazilgan chet el ish beruvchilari bilan bitimlar tuzadi; Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolarni uyushgan holda ishga qabul qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun chet el ish beruvchilari bilan shartnomalar tuzadi; Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida ishga joylashtirish shart-sharoitlari monitoringi va nazoratini amalga oshiradi; mehnat migrantlari ishga joylashtiriladigan davlatda ularga xodimlarning tegishli toifasi uchun belgilangan ish haqidan kam boʻlmagan darajada ish haqini taʼminlash normalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi; ishga joylashtiriladigan davlatda belgilangan munosib yashash va ishlash shart-sharoitlarini taʼminlash normalariga rioya etilishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi. Migratsiya agentligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.