Migratsiya jamgʻarmasi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan holda tashkil etiladi. Migratsiya jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Migratsiya jamgʻarmasiga ajratiladigan mablagʻlar; chet el fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomalar berganlik uchun yigʻimlarning bir qismi; Migratsiya jamgʻarmasining vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar; xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari, homiylik yordami, grant mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar. Migratsiya jamgʻarmasiga mablagʻlar toʻliq hamda oʻz vaqtida tushishini taʼminlash ustidan nazorat qilish, shuningdek mablagʻlarning shakllanishi va kelib tushishini prognoz qilish boʻyicha hisobni yuritish hamda hisobot tuzish Migratsiya agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Migratsiya jamgʻarmasi mablagʻlaridan maqsadli foydalanish uchun javobgarlik Migratsiya agentligining zimmasiga yuklatiladi.