Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 110-modda. Taftish komissiyasi

Jamiyatning moliya-xoʻjalik faoliyatini nazorat qilish uchun jamiyat ustaviga muvofiq aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi taftish komissiyasini saylaydi. Jamiyat taftish komissiyasining vakolatlari ushbu Qonun va jamiyat ustavi bilan belgilanadi. Jamiyat taftish komissiyasi faoliyatining tartibi aksiyadorlar umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilab qoʻyiladi. Jamiyatning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish (taftish qilish) bir yillik yoki boshqa davr ichidagi faoliyat yakunlari boʻyicha taftish komissiyasining tashabbusiga binoan, aksiyadorlar umumiy yigʻilishining, kuzatuv kengashining qaroriga yoki jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining hammasi boʻlib kamida oʻn foiziga egalik qiluvchi aksiyadorning (aksiyadorlarning) talabiga binoan amalga oshiriladi. Jamiyat taftish komissiyasining talabiga binoan jamiyatning boshqaruv organlaridagi mansabdor shaxslar moliya-xoʻjalik faoliyati toʻgʻrisidagi hujjatlarni taftish komissiyasiga taqdim etishlari shart. Jamiyatning taftish komissiyasi ushbu Qonunning 72-moddasiga muvofiq aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi chaqirilishini talab qilishga haqli. Jamiyat taftish komissiyasining aʼzolari bir vaqtning oʻzida jamiyat kuzatuv kengashining aʼzosi boʻlishlari, shuningdek jamiyatning boshqaruv organlarida boshqa lavozimlarni egallashlari mumkin emas. Kuzatuv kengashining aʼzolariga yoki boshqaruv organlaridagi mansabdor shaxslarga qarashli aksiyalar jamiyat taftish komissiyasi aʼzolarini saylash chogʻida ovoz berishda ishtirok etishi mumkin emas.