Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 17-modda. Jamiyatni davlat roʻyxatidan oʻtkazish

Jamiyat qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim. Jamiyat roʻyxatdan oʻtish uchun roʻyxatga oluvchi organga ustavni va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlarni taqdim etadi. Davlat korxonasini qayta tashkil etish yoʻli bilan tuzilgan aksiyadorlik jamiyati ustavini taqdim etadi. Jamiyat tuzishning qonunda belgilangan tartibini buzish yoki uning taʼsis hujjatlari qonunga muvofiq kelmasligi davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etishga olib keladi. Jamiyatni tuzish maqsadga muvofiq emas, degan vaj bilan uni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazish muddatlarining buzilishi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Faqat qonun hujjatlarida belgilangan hollardagina jamiyat qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. Aksiyadorlik jamiyati davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran uzogʻi bilan olti oygacha boʻlgan muddatda jamiyat aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi toʻgʻrisidagi, kuzatuv kengashi toʻgʻrisidagi va ijroiya organ toʻgʻrisidagi (tegishincha direktor, boshqaruv, direksiya, boshqaruvchi tashkilot, boshqaruvchi toʻgʻrisidagi), faoliyat tartibini, huquq va majburiyatlarini, shuningdek aksiyadorlik jamiyatining koʻrsatilgan boshqaruv organlari tomonidan qarorlar qabul qilish tartibotini belgilovchi nizomlarni tayyorlashi va aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida tasdiqlashi shart.