Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 21-modda. Jamiyatning ustav fondini koʻpaytirish

Jamiyatning ustav fondi aksiyalar nominal qiymatini oshirish yoki qoʻshimcha aksiyalarni joylashtirish yoʻli bilan koʻpaytirilishi mumkin. Jamiyatning ustav fondini aksiyalar nominal qiymatini oshirish yoʻli bilan koʻpaytirish va jamiyat ustaviga tegishli oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan yoki, agar jamiyat ustavida yoxud aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga muvofiq jamiyatning kuzatuv kengashiga shunday qarorni qabul qilish huquqi berilgan boʻlsa, jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan qabul qilinadi. Qoʻshimcha aksiyalar jamiyat tomonidan jamiyat ustavida belgilangan eʼlon qilingan aksiyalar soni doirasidagina joylashtirilishi mumkin. Qoʻshimcha aksiyalarni joylashtirish yoʻli bilan jamiyat ustav fondini koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan yoki bunday qaror qabul qilish huquqi jamiyatning ustaviga muvofiq yoki aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga binoan jamiyatning kuzatuv kengashiga berilgan boʻlsa, kuzatuv kengashi tomonidan qabul qilinadi. Qoʻshimcha aksiyalarni joylashtirish yoʻli bilan jamiyat ustav fondini koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qarorda joylashtiriladigan qoʻshimcha oddiy (odatdagi) aksiyalarning va eʼlon qilingan miqdorlari (ulushlari) doirasida har bir turdagi imtiyozli aksiyalarning soni, ularni joylashtirish muddati va shartlari, shu jumladan mazkur qonunga muvofiq joylashtirilayotgan aksiyalarni sotib olishda imtiyozli huquqlarga ega boʻlgan aksiyadorlar uchun jamiyatning qoʻshimcha aksiyalarini joylashtirish bahosi belgilangan boʻlishi lozim. Jamiyatning ustav fondini qoʻshimcha aksiyalar joylashtirish yoʻli bilan koʻpaytirish joylashtirilgan qoʻshimcha aksiyalarning nominal qiymati miqdorida qayd etiladi. Bunda eʼlon qilingan muayyan toifa va turdagi aksiyalarning miqdori joylashtirilgan ana shu toifa va turlardagi aksiyalarning soniga qisqartirilishi kerak.