Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 24-1-modda. Oltin aksiya

“Oltin aksiya” — ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi boʻlib, u strategik ahamiyatga ega boʻlgan davlat korxonalari xususiylashtirilayotganda yoki aksiyadorlik jamiyatlarining davlat aksiya paketlari xususiy mulk etib realizatsiya qilinayotganda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qaroriga asosan joriy qilinadi va mamlakatning iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydi. “Oltin aksiya” qiymatga ega emas, boshqa shaxsga berilmaydi hamda garovga qoʻyilmaydi, ustav fondi miqdorini belgilashda va dividendlarni hisoblashda inobatga olinmaydi. “Oltin aksiya” ustav fondida davlat ulushi boʻlmagan yoki bu ulush yigirma besh foizdan oshmaydigan aksiyadorlik jamiyatlarida joriy etilishi mumkin. Davlatning “oltin aksiya”dan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. “Oltin aksiya” aksiyadorlik jamiyatining kuzatuv kengashi tarkibiga davlat vakilini (bundan buyon matnda davlat vakili deb yuritiladi) tayinlash vositasida realizatsiya qilinadi. Davlat vakili aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida va kuzatuv kengashi majlislarida ushbu Qonunning 65-moddasi birinchi qismining ikkinchi — toʻrtinchi , yettinchi , sakkizinchi , oʻn sakkizinchi , oʻn toʻqqizinchi xatboshilarida, shuningdek 82-moddasi birinchi qismining yettinchi , yigirma ikkinchi — yigirma toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha veto qoʻyish huquqi bilan majburiy tartibda ishtirok etadi. Veto qoʻyish ushbu qarorlar qabul qilingan kuni yozma shaklda amalga oshiriladi.