Jamiyatni taʼsis etishda joylashtiriladigan aksiyalarga jamiyat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran koʻpi bilan bir yil ichida muassislar tomonidan haq toʻlanishi lozim. Mazkur muddat oʻtganidan keyin muassislar tomonidan haqi toʻlanmagan aksiyalar bekor qilinishi kerak. Jamiyatning qoʻshimcha aksiyalariga mazkur aksiyalarni chiqarish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan joylashtirish muddati ichida haq toʻlanishi lozim. Jamiyat ustavida aksiyalar haqini toʻlash majburiyatini bajarmaganlik uchun neustoyka (jarima, penya) undirish nazarda tutilishi mumkin. Jamiyatning aksiyalari va boshqa qimmatli qogʻozlariga haq toʻlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda pul va toʻlovning boshqa vositalari, mol-mulk, shuningdek pulda baholanadigan huquqlar (shu jumladan ashyoviy huquqlar) vositasida amalga oshiriladi. Jamiyatni taʼsis etish chogʻida uning aksiyalariga haq toʻlash shakli jamiyatni tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomada (qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorda) yoki jamiyat ustavida, qoʻshimcha aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarga haq toʻlash esa, ularni joylashtirish toʻgʻrisidagi qarorda belgilab qoʻyiladi. Jamiyatni taʼsis etish chogʻida aksiyaga toʻlanadigan haq sifatida topshirilayotgan mol-mulkning puldagi bahosi muassislar oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq chiqariladi. Agar jamiyatning shu yoʻsinda sotib olinayotgan aksiyalari va boshqa qimmatli qogʻozlarining nominal qiymati qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordagi ish haqining ikki yuz baravaridan koʻpni tashkil etsa, jamiyatning aksiyalari va boshqa qimmatli qogʻozlarining haqi sifatida topshirilayotgan mol-mulkning puldagi bahosini baholovchi tashkilot baholashi kerak. Jamiyat ustavida uning aksiyalari va boshqa egasi yozilgan qimmatli qogʻozlari haqi sifatida topshiriladigan mol-mulk turlari cheklab qoʻyilishi mumkin.