Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 65-modda. Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining vakolatlari

Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining mutlaq vakolatlariga quyidagilar kiradi: jamiyat ustaviga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish yoki jamiyatning yangi tahrirdagi ustavini tasdiqlash; jamiyatni qayta tashkil etish; jamiyatni tugatish, tugatuvchini tayinlash hamda oraliq va yakuniy tugatish balanslarini tasdiqlash; jamiyat kuzatuv kengashining miqdor tarkibini belgilash, uning aʼzolarini saylash va ularning vakolatlarini muddatidan ilgari toʻxtatish; eʼlon qilingan aksiyalarning eng koʻp miqdorini belgilash; jamiyatning ustav fondini koʻpaytirish; jamiyatning ustav fondini kamaytirish; oʻz aksiyalarini qaytarib sotib olish; agar jamiyat ustaviga koʻra jamiyat ijroiya organini tuzish (saylash, tayinlash, yollash va hokazo), uning vakolatlarini muddatidan ilgari toʻxtatish jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlariga kiritilmagan boʻlsa, ana shu masalalarni hal qilish; jamiyat taftish komissiyasining aʼzolarini (taftishchini) saylash va ularning vakolatlarini muddatidan ilgari toʻxtatish; auditorlik tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisida, auditorlik tashkilotini va uning xizmatiga toʻlanadigan haq miqdori chegarasini belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qilish; jamiyatning yillik biznes-rejasini, yillik hisobotlarini, buxgalteriya balanslarini, foyda va zararlari hisobvaragʻini tasdiqlash, uning foyda va zararlarini taqsimlash; jamiyat kuzatuv kengashining oʻz vakolatiga kiradigan masalalarga doir, shu jumladan jamiyatni boshqarish yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan talablarga rioya etilishiga doir hisobotlarini eshitish; aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan qimmatli qogʻozlarni sotib olishda aksiyadorning imtiyozli huquqini qoʻllamaslik toʻgʻrisida ushbu Qonunning 39-moddasida nazarda tutilgan qarorni qabul qilish; umumiy yigʻilish reglamentini tasdiqlash; aksiyalarni maydalash va yiriklashtirish; ushbu Qonunning 93-moddasida nazarda tutilgan hollarda bitimlar tuzish; ushbu Qonunning 90-moddasida nazarda tutilgan hollarda jamiyatning mol-mulk sotib olishi va mo