Jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining hammasi boʻlib kamida bir foiziga ega boʻlgan jamiyat aksiyadorlari (aksiyadori) jamiyatning moliya yili tugaganidan keyin uzogʻi bilan 30 kun ichida, basharti jamiyat ustavida bundan kechroq muddat belgilanmagan boʻlsa, aksiyadorlarning yillik umumiy yigʻilishi kun tartibiga masalalar kiritishga hamda jamiyat kuzatuv kengashi va jamiyat taftish komissiyasiga (taftishchiligiga) bu organning miqdor tarkibidan oshmaydigan tarzda nomzodlar koʻrsatishga haqli. Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining kun tartibiga masala uni qoʻyish sabablarini, masalani taklif etayotgan aksiyadorning (aksiyadorlarning) nomini, unga tegishli aksiyalarning soni va turini koʻrsatgan holda yozma ravishda kiritiladi. Jamiyat kuzatuv kengashi va taftish komissiyasiga (taftishchiligiga) nomzodlar koʻrsatish, shu jumladan oʻzining nomzodini koʻrsatish toʻgʻrisida taklif kiritilganda nomzodning ismi, basharti nomzod jamiyat aksiyadori boʻlsa, unga tegishli aksiyalarning soni va turi, shuningdek nomzodni koʻrsatgan aksiyadorlarning ismi, ularga tegishli aksiyalarning soni va turi koʻrsatiladi. Jamiyat kuzatuv kengashi tushgan takliflarni koʻrib chiqishi hamda ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddat tugaganidan soʻng uzogʻi bilan 15 kun ichida ularni aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi kun tartibiga kiritish toʻgʻrisida yoki mazkur kun tartibiga kiritishni rad etish haqida qaror qabul qilishi shart. Aksiyador (aksiyadorlar) kiritgan masala aksiyadorlar umumiy yigʻilishining kun tartibiga, shuningdek koʻrsatilgan nomzodlar jamiyat kuzatuv kengashi va taftish komissiyasiga (taftishchiligiga) saylov yuzasidan ovoz berish uchun nomzodlar roʻyxatiga kiritilishi shart, quyidagi hollar bundan mustasno: aksiyador (aksiyadorlar) ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatga rioya etmagan boʻlsa; aksiyador (aksiyadorlar) ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan miqdordagi jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining egasi boʻlmasa; ushbu moddaning uchinchi