Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 93-modda. Tuzilishidan manfaatdorlik boʻlgan bitimni tuzish tartibiga qoʻyiladigan talablar

Tuzilishidan manfaatdorlik boʻlgan bitimning jamiyat tomonidan tuzilishi toʻgʻrisidagi qarorni kuzatuv kengashi uni tuzishdan manfaatdor boʻlmagan kuzatuv kengashi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qiladi. Tuzilishidan manfaatdorlik boʻlgan bitimning jamiyat tomonidan tuzilishi toʻgʻrisidagi qarorni ovoz beruvchi aksiyalar egalari boʻlmish aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi bitimni tuzishdan manfaatdor boʻlmagan aksiyadorlarning koʻpchilik ovozi bilan quyidagi hollarda qabul qiladi: agar bitim boʻyicha toʻlanadigan haq summasi va bitimga sabab boʻlgan mol-mulk qiymati jamiyat aktivlari qiymatining besh foizidan ortiq boʻlsa; agar bitta bitim va (yoki) oʻzaro bogʻliq boʻlgan bir necha bitim jamiyatning ovoz beruvchi aksiyalarini yoki ovoz beruvchi aksiyalarga ayirboshlanadigan boshqa qimmatli qogʻozlarini ilgari joylashtirilgan ovoz beruvchi aksiyalarning besh foizidan ortiq miqdorda joylashtirishdan iborat boʻlsa. Agar tuzilishidan manfaatdorlik boʻlgan bitim boʻyicha manfaatdor shaxs jamiyatga qarz berayotgan boʻlsa, bunday bitimni tuzish uchun ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi qarori talab etilmaydi. Jamiyat bilan boshqa tomon oʻrtasidagi xoʻjalik munosabatlarini davom ettirish yuzasidan tuziladigan, tuzilishidan kelajakda manfaatdorlik paydo boʻlishi mumkin boʻlgan bitimlarni aksiyadorlar umumiy yigʻilishi oʻtkazilgan sanada aniqlashning iloji boʻlmagan taqdirda, aksiyadorlar umumiy yigʻilishi jamiyat bilan oʻzga shaxs oʻrtasida tuzilishi mumkin boʻlgan bitimlarning xususiyati va ular summasining eng koʻp miqdorini koʻrsatib, shartnoma munosabatlari oʻrnatish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan taqdirda ushbu modda uchinchi qismining talablari bajarilgan deb hisoblanadi. Jamiyat kuzatuv kengashining barcha aʼzolari manfaatdor shaxslar deb topilgan taqdirda, bitimdan manfaatdor boʻlmagan aksiyadorlar koʻpchilik ovozi bilan qabul qilingan aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga binoan bitim tuzilishi mumkin.