Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida 96-modda. Jamiyatlarni qoʻshib yuborish

Oʻz faoliyatini tugatgan ikki yoki bir necha jamiyatning barcha huquqlari va majburiyatlarini oʻtkazish yoʻli bilan yangi jamiyatni vujudga keltirish jamiyatlarning qoʻshib yuborilishi deb hisoblanadi. Qoʻshib yuborishda ishtirok etayotgan jamiyat qoʻshib yuborish haqida shartnoma tuzadi, unda qoʻshib yuborish tartibi va shartlari, shuningdek har bir jamiyat aksiyalarini yangi jamiyatning aksiyalariga va (yoki) boshqa qimmatli qogʻozlariga ayirboshlash tartibi belgilab qoʻyiladi. Har bir jamiyatning kuzatuv kengashi qoʻshib yuborishda ishtirok etayotgan aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi hukmiga qoʻshib yuborish tarzida qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi, qoʻshib yuborish shartnomasini tasdiqlash haqidagi va oʻtkazish dalolatnomasini tasdiqlash haqidagi masalalarni havola etadi. Yangi vujudga kelayotgan jamiyat ustavini tasdiqlash va kuzatuv kengashini saylash qoʻshib yuborishda ishtirok etayotgan jamiyatlar aksiyadorlarining qoʻshma umumiy yigʻilishida amalga oshiriladi. Aksiyadorlarning qoʻshma umumiy yigʻilishida ovoz berish tartibi jamiyatlarning qoʻshib yuborilishi toʻgʻrisidagi shartnomada belgilab qoʻyilishi mumkin. Jamiyatlar qoʻshilgan taqdirda ularning har biriga tegishli barcha huquqlar va majburiyatlar oʻtkazish dalolatnomasiga muvofiq yangi vujudga kelgan jamiyatga oʻtadi.