Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida 13-modda. Banklarni roʻyxatga olishni va ularga litsenziya berishni rad etish asoslari

Markaziy bank quyidagilarga asoslanib bankni roʻyxatga olishni va unga litsenziya berishni rad etishi mumkin: bankni roʻyxatga olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar topshirilmaganligi; taʼsis hujjatlarining qonun hujjatlariga nomuvofiqligi; bir yoki bir necha muassisning moliyaviy ahvoli qoniqarsizligi; muassislar moliyaviy mablagʻlarining manbalari eʼlon qilinmaganligi; bankni roʻyxatga olish paytigacha eng kam ustav kapitalining toʻlanmaganligi; bank rahbari va bosh buxgalteri lavozimlariga nomzodlarning bu kasbga nomuvofiqligi. Bankni roʻyxatga olishni va unga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza beruvchiga rad etish sabablari hamda ariza beruvchi koʻrsatilgan sabablarni bartaraf etib, takroran koʻrib chiqish uchun ariza berishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi. Bunda bankni roʻyxatga olishni va unga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak. Bankni roʻyxatga olish va unga litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani takroran koʻrib chiqish ariza barcha zarur hujjatlar bilan birga olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan koʻp boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi. Bankni roʻyxatga olishni va unga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan muddat oʻtganidan keyin berilgan ariza yangidan berilgan hisoblanadi. Bankni roʻyxatga olish va unga litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani takroran koʻrib chiqishda bankni roʻyxatga olishni va litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha roʻyxatga olishni va litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bankni roʻyxatga olishni va unga litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.