Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida 25-modda. Banklarning umumiy iqtisodiy normativlarga rioya qilish sohasidagi burchlari

Banklarning barqarorligini taʼminlash hamda omonatchilar va kreditorlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida banklar Markaziy bank tomonidan belgilanadigan iqtisodiy normativlarga rioya etishlari shart. Banklar oʻz kapitali va likvid resurslarini yetarli darajada saqlab turishlari, aktivlarni tasniflash asosida shubhali va harakatsiz aktivlarga qarshi zaxiralarni tashkil etishlari, shuningdek zarar koʻrish xavfini kamaytirish maqsadida oʻz aktivlari diversifikatsiyalanishini taʼminlashlari lozim. Banklar: amalga oshirilgan investitsiyalarning turlari yoki shakllariga; koʻchmas mulk va boshqa mol-mulk sotib olish hamda unga egalik qilishga; boshqa yuridik shaxslarning ustav fondlarida qatnashishga doir shartlarga rioya etishlari lozim. Banklar: kapitalni taqsimlash natijasida oʻz kapitali talab qilinadigan eng kam miqdordan ham kamayib ketadigan boʻlsa, kapitalni taqsimlashga; aksiyalar shaklidagi oʻz qimmatli qogʻozlari bilan kafolatlangan kredit berishga; oldindan Markaziy bankning roziligini olmay turib, oʻz aksiyalarini sotib olishga haqli emaslar. Normativlar va ularni hisob-kitob qilish uslubiga boʻlajak oʻzgartishlar amalga kiritilishidan kamida bir oy oldin Markaziy bank tomonidan rasman eʼlon qilinadi. Ustav kapitalining eng kam miqdori oʻzgartirilishi toʻgʻrisida Markaziy bank bunday oʻzgartish amalga kiritilishidan kamida uch oy oldin rasman xabar beradi.