Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida 9-modda. Bankning ustav kapitali

Bankning ustav kapitali bank muassislari va aksiyadorlari toʻlagan pul mablagʻlaridan tashkil topadi. Kreditga va garovga olingan mablagʻlardan hamda boshqa jalb etilgan mablagʻlardan bankning ustav kapitalini shakllantirish uchun foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Alohida hollarda qonun hujjatlariga muvofiq bankning ustav kapitalini shakllantirish uchun budjet mablagʻlaridan foydalanilishi mumkin. Eng kam ustav kapitali bank muassislari tomonidan uni roʻyxatga olish paytigacha toʻlanishi kerak. Ustav kapitali uchun toʻlanadigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy bankida yoki boshqa banklarida ochilgan jamgʻarish hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Koʻrsatilgan mablagʻlardan depozit sifatida foydalanish mumkin. Banklar ustav kapitalining eng kam miqdori Markaziy bank tomonidan belgilanadi.