Tovardan davlat foydasiga voz kechish davlatning biror-bir xarajat qilishiga sabab boʻlmasligi kerak. Davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga quyidagi tovar joylashtirilmaydi: bojxona hududiga olib kirilishi taqiqlangan tovar; muomaladan chiqarilgan yoki muomalasi cheklangan tovar; agar tovar vakolatli organlar tomonidan nazorat qilinishi lozim boʻlsa, bojxona organlarining axborot tizimida unga nisbatan ushbu organlarning tegishli ruxsatnomasi boʻlmagan tovar. Tovardan davlat foydasiga voz kechgan vakolatli shaxs uni bojxona organi tomonidan belgilanadigan joyga yetkazib berish bilan bogʻlik barcha xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi. Tovar davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirilganidan keyin vakolatli shaxs mazkur bojxona rejimini boshqasiga almashtirishga haqli emas. Tovarni davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirishning qonuniyligi uchun har qanday uchinchi shaxs oldida javobgarlik vakolatli shaxsning zimmasida boʻladi. Bojxona organi: vakolatli shaxs davlat foydasiga voz kechgan tovarga nisbatan uchinchi shaxslarning biror-bir mulkiy talabini qanoatlantirmaydi; tovar davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimiga joylashtirilguniga qadar tashuvchining, ombor egasining yoki boshqa shaxslarning shu tovarni tashish, saqlash, u bilan yuk operatsiyalari va boshqa operatsiyalar oʻtkazish bilan bogʻliq biror-bir xarajatining oʻrnini qoplamaydi.