Bojxona kodeksi 13-modda. Tovar va transport vositasi

Bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan har qanday koʻchar mol-mulk, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasi, valyuta boyliklari va boshqa qimmatli qogʻozlar, elektr, issiqlik energiyasi va energiyaning boshqa turlari, intellektual mulk obyektlari, transport vositasi tovar hisoblanadi, bundan ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan transport vositasi mustasno. Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovar yoxud bojxona hududida erkin muomalaga chiqarilgan yoki ushbu Kodeksga muvofiq shunday maqomga ega boʻlgan tovar Oʻzbekiston tovaridir. Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilmagan tovar, shuningdek ushbu Kodeksga muvofiq chet el tovari maqomini olgan tovar chet el tovaridir. Tovarlarni va yoʻlovchilarni tashish uchun foydalaniladigan vosita transport vositasidir. Transport vositasi har qanday suv kemasini, havo kemasini, avtotransport vositasini, temir yoʻl transport vositasini (temir yoʻlning harakatdagi tarkibini, temir yoʻl harakatdagi tarkibining bir qismini) yoki konteynerni, shuningdek ularning oʻz konstruksiyasiga muvofiq texnik pasportlarida yoki texnik formulyarlarida nazarda tutilgan ehtiyot qismlarni, anjomlarni va uskunalarni, suyuqlik saqlash idishlaridagi yoqilgʻi-moylash materiallarini, sovutuvchi va boshqa xil texnik suyuqliklarni, agar ular mazkur transport vositalari bilan birga tashilayotgan boʻlsa, oʻz ichiga oladi.