Bojxona kodeksi 135-modda. Ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi ariza

Ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizaning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi. Ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizada vakolatli shaxsning elektron manzili koʻrsatilishi mumkin. Ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizada vakolatli shaxsning elektron manzili koʻrsatilganligi uning oʻz arizasi boʻyicha qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi xabarni axborot tizimi orqali elektron shaklda olishga boʻlgan roziligidir. Ushbu Kodeksning 134-moddasida koʻrsatilgan hujjatlar vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga Interaktiv davlat xizmatlarining yagona portali orqali “bir darcha” prinsipi boʻyicha taqdim etiladi. Vakolatli shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda koʻrsatilgan maʼlumotlar bojxona organi uning aksini tasdiqlamagunicha barcha hollarda toʻgʻri deb hisoblanadi. Ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizada koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgarlik vakolatli shaxsning zimmasida boʻladi.