Bojxona organi tegishli ruxsatnomani berish toʻgʻrisidagi arizani olganidan soʻng ushbu Kodeksda nazarda tutilgan talablar va shartlarga rioya etilganligini tekshiradi. Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash va bojxona hududida qayta ishlashga ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqishda bojxona organi: vakolatli organlarning ruxsatnomalari mavjudligini tekshiradi, agar tovarlar yoki qayta ishlash mahsulotlari shu organlar tomonidan nazorat qilinishi lozim boʻlsa; qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini belgilaydi; qayta ishlash mahsulotlarining majburiy chiqish normalarini aniqlashda qiyinchilik boʻlgan taqdirda oʻrganib chiqish, tadqiq etish, tekshirish yoki boshqa ilmiy va texnik jihatdan baho berish uchun uchinchi shaxslarni jalb qiladi.