Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini vaqtincha olib kirish muddati tashuvchining yoki vakolatli shaxsning arizasidan kelib chiqqan holda va moʻljallanayotgan transport operatsiyasining barcha holatlari hisobga olingan holda bojxona organi tomonidan belgilanadi. Bunda tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini bojxona toʻlovlaridan ozod etilgan holda vaqtincha olib kirishning umumiy muddati u olib kirilgan sanadan eʼtiboran toʻqson kalendar kundan oshmasligi kerak. Vaqtincha olib kirilgan transport vositasini qaytarib olib chiqish ushbu transport operatsiyasi tugallanganidan soʻng darhol amalga oshirilishi lozim. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini vaqtincha olib kirish ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarda qaytarib olib chiqish bilan tugallanadi. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini vaqtincha olib kirish, ushbu Kodeksda tovarlarni vaqtincha olib kirish bojxona rejimini tugallash uchun nazarda tutilgan tartibda tugallanishi mumkin.