Chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda vaqtincha olib kirilgan transport vositasining bojxona hududida turishining umumiy muddati kalendar yil mobaynida jami toʻqson kalendar kundan oshmasligi lozim. Bunda transport vositasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yigʻimni toʻlagan holda yuqorida koʻrsatilgan muddatdan ortiqroq muddatga vaqtincha olib kirishga yoʻl qoʻyiladi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddatni hisoblash transport vositasini vaqtincha olib kirish rasmiylashtirilgan kundan eʼtiboran boshlanadi. Yigʻim undirilguniga qadar transport vositasi bojxona organlari tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlanishi lozim. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatib oʻtilgan yigʻim quyidagi hollarda toʻlanmaydi: bojxona organlari tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlash davri uchun; agar vaqtincha olib kirilgan transport vositasi xatlangan, musodara qilingan, avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan va bu vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan boʻlsa.