Bojxona kodeksi 160-modda. Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy shaxslari tomonidan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini notijorat maqsadlarda vaqtincha olib chiqish

Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy shaxslari bojxona hududidan tashqarida oʻzlariga notijorat maqsadlarda zarur tovarlarni va (yoki) transport vositalarini xorijiy davlatda vaqtincha boʻlish muddatiga vaqtincha olib chiqishga haqli. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan tovarlar va (yoki) transport vositalari ularni vaqtincha olib chiqish va bojxona hududiga qaytarib olib kirishda bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod etiladi. Agar vaqtincha olib chiqilayotgan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini identifikatsiyalash ularni bojxona toʻlovlarini toʻlashdan ozod etilgan holda bojxona hududiga qaytarib olib kirishga yordam beradigan boʻlsa, bojxona organlari vaqtincha olib chiqilayotgan tovarlarni va (yoki) transport vositalarini Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy shaxsining soʻroviga koʻra identifikatsiyalashi mumkin.