Bojxona kodeksi 163-modda. Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda olib oʻtiladigan tovarlarga nisbatan bojxona toʻlovlarini toʻlash

Jismoniy shaxslar tomonidan qoʻl yukida yoki kuzatib borilayotgan bagajda notijorat maqsadlar uchun olib oʻtilayotgan, shuningdek xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuborilayotgan tovarlarning qiymati va (yoki) miqdori tovarlarni bojsiz olib kirishning qonunchilikda belgilangan normasidan ortiq boʻlsa, tovarlarning bunday ortiq qismiga yagona bojxona toʻlovi toʻlanadi. Tovarlar jismoniy shaxsning manziliga kelib tushganda bojxona toʻlovlari olib kirilayotgan tovarlarning butun summasidan, tovarlarni bojsiz olib kirish normasi qoʻllanilmagan holda undiriladi, bundan xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari mustasno. Yagona bojxona toʻlovi notijorat maqsadlardagi tovarlarni deklaratsiyalashda, shakli va toʻldirilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan bojxona kirim orderi asosida jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadi. Bojxona kirim orderining bir nusxasi bojxona toʻlovlarini toʻlagan jismoniy shaxsga topshiriladi (yuboriladi). Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali notijorat maqsadlar uchun olib oʻtilayotgan tovarlarga nisbatan bojxona kirim orderini toʻldirish va yagona bojxona toʻlovini hisoblash bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshiriladi.