Bojxona kodeksi 202-modda. Bojxona nazorati amalga oshirilayotganda mutaxassisni va ekspertni jalb qilish

Zarur hollarda, bojxona nazorati amalga oshirilayotganda, shu jumladan texnik vositalarni qoʻllagan holda amalga oshirilayotganda muayyan harakatlarni bajarishda ishtirok etish va koʻmaklashish uchun maxsus bilim va koʻnikmalarga ega, manfaatdorligi boʻlmagan mutaxassis yoki ekspert jalb qilinishi mumkin. Mutaxassisni yoki ekspertni jalb qilish bojxona organining yoxud vakolatli shaxsning tashabbusi bilan amalga oshiriladi. Mutaxassis va ekspert: oʻz ishtirokida bajariladigan harakatlar predmetiga taalluqli materiallar bilan tanishishga; tegishli harakatlarning predmetiga taalluqli savollarni shunday harakatlar ishtirokchilariga berishga; oʻzi ishtirok etgan harakatlarning amalga oshirilishi natijalari boʻyicha rasmiylashtiriladigan hujjatlar bilan tanishishga va oʻzi bajaradigan harakatlar yuzasidan shunday hujjatlarga kiritilishi lozim boʻlgan bayonotlar qilishga va tushuntirishlar berishga haqli. Mutaxassis va ekspert maxsus bilim va koʻnikmalar talab etiladigan harakatlarda ishtirok etishi, oʻzi bajaradigan harakatlar yuzasidan tushuntirishlar berishi, mazkur harakatlarning bajarilganligi faktini, ularning mazmuni va natijalarini oʻz imzosi bilan tasdiqlashi shart. Bojxona nazoratini oʻtkazish boʻyicha harakatlarni amalga oshirishga jalb qilinganda mutaxassis yoki ekspert tomonidan olingan, davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan axborot u tomonidan oshkor etilmasligi, boshqa maqsadlarda ishlatilmasligi, uchinchi shaxslarga berilmasligi kerak, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno. Bojxona nazoratiga mutaxassisni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlar oʻrni: mutaxassis bojxona organining tashabbusi bilan jalb qilingan taqdirda — bojxona organi tomonidan; mutaxassis vakolatli shaxsning tashabbusi bilan jalb qilingan taqdirda — vakolatli shaxs tomonidan qoplanadi.