Yakka tartibda guvohnoma olish uchun arizachi bojxona organiga Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki “Litsenziya” axborot tizimi orqali quyidagi hujjatlarni taqdim etadi: guvohnoma olish uchun elektron shakldagi arizani; transport vositasiga nisbatan mulk huquqini yoki undan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatning koʻchirma nusxasini; avtotransport vositasining oldidan, orqadan, chapdan, oʻngdan koʻrinishi, shuningdek plombalar va muhrlar qoʻyiladigan joyning tasviri mavjud boʻlgan, arizachi tomonidan tasdiqlangan rangli fotosuratlarni. Bitta fotosuratda bitta avtotransport vositasining koʻpi bilan ikki tomonini bir vaqtning oʻzida tasvirlashga yoʻl qoʻyiladi. Konstruksiyaning turi boʻyicha guvohnoma olish uchun arizachi qaysi bojxona organining faoliyat koʻrsatish zonasida avtotransport vositalari ishlab chiqariladigan boʻlsa, oʻsha bojxona organiga Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki “Litsenziya” axborot tizimi orqali quyidagi hujjatlarni taqdim etadi: guvohnoma olish uchun elektron shakldagi arizani; transport vositasi konstruksiyasining chizmalarini va batafsil tavsifini; avtotransport vositasining oldidan, orqadan, chapdan, oʻngdan koʻrinishi, shuningdek plombalar va muhrlar qoʻyiladigan joyning tasviri mavjud boʻlgan, arizachi tomonidan tasdiqlangan rangli fotosuratlarni. Bitta fotosuratda bitta avtotransport vositasining koʻpi bilan ikki tomonini bir vaqtning oʻzida tasvirlashga yoʻl qoʻyiladi. Arizachidan ushbu moddada koʻrsatilmagan boshqa hujjatlar taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Hujjatlardagi maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun arizachi javobgar boʻladi.