Ushbu Kodeksning 251-moddasida koʻrsatilgan tovarlar bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotganda tovarlarni chiqarib yuborish bojxona yuk deklaratsiyasi topshirilguniga qadar yoki bojxona rasmiylashtiruvi boʻyicha operatsiyalar yakunlanguniga qadar deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan quyidagi shartlarga rioya etilgan taqdirda amalga oshirilishi mumkin: tovarlarni identifikatsiyalash imkonini beruvchi zarur maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan tovarning kuzatuv hujjatlari taqdim etilganda; Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi yoki xalqaro shartnomalariga muvofiq radioaktiv materiallarni chiqarib yuborish uchun zarur boʻlgan litsenziyalar, sertifikatlar, tegishli davlat organlarining ruxsatnomalari taqdim etilganda; ushbu Kodeksning 47-bobiga muvofiq bojxona toʻlovlarini toʻlash taʼminlanganda; tovarlar chiqarib yuborilgan kundan eʼtiboran oʻn besh kalendar kundan kechiktirmay bojxona yuk deklaratsiyasini berish haqida yoki bojxona rasmiylashtiruvini tugatish toʻgʻrisida yozma majburiyat taqdim etilganda. Bojxona yuk deklaratsiyasi berilguniga qadar chiqarib yuborilgan tez buziladigan tovarlardan hamda tirik hayvonlardan foydalanish va ularni uchinchi shaxslarga berish, shu jumladan sotish yoki boshqacha tarzda oʻzga shaxsga oʻtkazish orqali berish taqiqlanadi.