Tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib oʻtishda va ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda quyidagi bojxona toʻlovlari toʻlanadi: bojxona boji; qoʻshilgan qiymat soligʻi; aksiz soligʻi; bojxona yigʻimlari. Qonunchilikda boshqa bojxona toʻlovlari ham belgilanishi mumkin. Ushbu Kodeksning 163 va 169-moddalarida nazarda tutilgan hollarda qonunchilikda belgilangan bojxona boji, qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi oʻrniga yagona bojxona toʻlovini toʻlashni nazarda tutuvchi bojxona toʻlovlarini undirishning soddalashtirilgan tartibi qoʻllaniladi. Bojxona bojlarining stavkalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.