Bojxona toʻlovlari stavkalarining turlari quyidagilardan iborat: toʻlov undiriladigan tovarning bojxona qiymatiga nisbatan foizlarda hisoblanadigan advalor stavka; toʻlov undiriladigan tovar birligi uchun belgilangan miqdorda hisoblanadigan xos stavka; bojxona toʻlovlari stavkalarining advalor va xos turlarini oʻz ichiga oladigan aralash stavka. Advalor stavka belgilangan tovar boʻyicha bojxona toʻlovlarining summasi bojxona toʻlovlari advalor stavkasining tovarning bojxona qiymatiga koʻpaytmasi sifatida hisoblab chiqariladi. Xos stavka belgilangan tovar boʻyicha bojxona toʻlovlarining summasi bojxona toʻlovlarining xos stavkasining tovar miqdoriga koʻpaytmasi sifatida hisoblab chiqariladi. Bojxona qiymatiga nisbatan foizlardagi aralash stavka qoʻllanilgan, lekin toʻlov undiriladigan tovar birligi uchun belgilangan stavkadan kam boʻlmagan holda qoʻllanilgan taqdirda, bojxona toʻlovlarining summasi advalor va xos stavkalar boʻyicha hisoblab chiqarilgan summalarning eng koʻpiga tengdir. Bojxona qiymatiga nisbatan foizlardagi aralash stavka va toʻlov undiriladigan tovar birligi uchun belgilangan stavka qoʻllanilgan taqdirda bojxona toʻlovlarining summasi bojxona toʻlovlarining advalor va xos stavkalari boʻyicha hisoblab chiqarilgan summa yigʻindisiga tengdir.