Bojxona kodeksi 300-1-modda. Savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng koʻp qulaylik berish rejimini qoʻllash

Boj tarifi bilan belgilangan stavkalar miqdoridagi bojxona bojlari, tovarni joʻnatuvchi va eksport qiluvchi mamlakatdan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasi savdo-iqtisodiy munosabatlarida eng koʻp qulaylik berish rejimini qoʻllayotgan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan qoʻllaniladi. Savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng koʻp qulaylik berish rejimi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan boj tarifidan tashqari quyidagi miqdorlarda qoʻshimcha bojxona boji undiriladi: bojxona bojining advalor stavkasi turi oʻn foizgacha boʻlgan tovarlarga nisbatan — besh foiz; bojxona bojining advalor stavkasi oʻn foizdan yigirma foizgacha boʻlgan tovarlarga nisbatan — oʻn foiz; bojxona bojining advalor stavkasi yigirma foizdan oʻttiz foizgacha boʻlgan tovarlarga nisbatan — oʻn besh foiz; bojxona bojining advalor stavkasi oʻttiz foiz va undan yuqori boʻlgan tovarlarga nisbatan — yigirma foiz.