Olib chiqiladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlashda bitimning bahosiga quyidagi xarajatlar kiritiladi, agar bu xarajatlar bitimning bahosiga kiritilmagan boʻlsa: a) tovarni bojxona hududidan olib chiqiladigan joygacha yetkazib berish xarajatlari: transportda tashish qiymati; tovarlarni yuklash, tushirish, qayta yuklash va tushirish-ortish xarajatlari; sugʻurtalash qiymati; b) sotuvchi tomonidan qilingan xarajatlar: vositachilik va brokerlik haqi, bundan tovarni xarid qilish boʻyicha vositachilik haqi mustasno; konteynerlarning va (yoki) boshqa koʻp marta ishlatiladigan idishlarning qiymati, agar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasiga muvofiq ularga baholanayotgan tovar bilan bir butun deb qaralsa; oʻrov-joylashning qiymati, shu jumladan oʻrash-joylash materiallarining va oʻrash-joylash ishlarining qiymati; v) intellektual mulk obyektlaridan foydalanganlik uchun sotib oluvchi baholanayotgan tovarni sotish shartlari sifatida bevosita yoki bilvosita toʻlashi kerak boʻlgan litsenziya toʻlovlari va boshqa toʻlovlar; g) sotuvchining baholanayotgan tovarni keyinchalik bojxona hududidan tashqarida har qanday tarzda qayta sotish, oʻtkazish yoki undan foydalanishdan olingan bevosita yoki bilvosita daromadining bir qismi. Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan bitimning bahosiga qoʻshiladigan komponentlar tegishli tovarlar, ishlar va xizmatlar (tashish, sugʻurtalash, sertifikatlashtirish, brokerlik xizmatlari) uchun haq toʻlanganligi toʻgʻrisida vakolatli shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlar (hisobvaraq-fakturalar, toʻlov topshiriqnomalari, cheklar) asosida aniqlanadi.