Bojxona kodeksi 349-modda. Bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlik oʻz vaqtida toʻlanmaganligi uchun penya

Bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlik oʻz vaqtida toʻlanmaganligi uchun toʻlovchi tomonidan penya toʻlanadi. Penya, bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlik summasini istisno etganda, uni undirish boʻyicha majburiy choralar, shuningdek bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun boshqa javobgarlik choralari qoʻllanilishidan qatʼi nazar, toʻlanadi. Toʻlovchining penyani toʻlash boʻyicha majburiyati bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlik yuzaga kelgan kundan eʼtiboran paydo boʻladi hamda bojxona toʻlovlari va penyani toʻlash boʻyicha qarzdorlik amalda toʻlangan kunda tugatiladi. Penyaning foiz stavkasi uni toʻlash boʻyicha majburiyat bajarilmagan har bir kalendar kun uchun bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlik summasining shu paytda amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasining uch yuzdan biriga teng miqdorida hisoblanadi. Penyaning umumiy summasi bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikning miqdoridan oshmasligi kerak. Penyani toʻlash, undirish va qaytarish ushbu Kodeksning 46 , 48 va 49-boblarida bojxona toʻlovlarini toʻlash va qaytarish hamda bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni undirishga nisbatan nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.