Bojxona organlari olib kirilayotgan yoki olib chiqilayotgan tovarlarning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonida Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritilgan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar buzilganligi belgilarini aniqlagan taqdirda: huquq egasini bu haqda bir ish kuni ichida xabardor qiladi; xabardor qilingan sanadan eʼtiboran bir ish kuni ichida huquq egasidan ariza kelib tushgan taqdirda — ularning huquqlarini himoya qilish boʻyicha ushbu Kodeksning 382-moddasiga muvofiq choralar koʻradi; huquq egalaridan ariza bojxona organlariga kelib tushmagan taqdirda — tovarni ushbu Kodeksga muvofiq chiqarib yuborishni amalga oshiradi. Intellektual mulk obyektlarining bojxona reyestriga kiritilgan intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning buzilganligi belgilari tovarlarning bojxona nazorati shakllari qoʻllanilgan holdagi bojxona rasmiylashtiruvi chogʻidagi xavfni boshqarish tizimi natijalariga koʻra aniqlanadi.