Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar buzilganligining belgilari boʻlgan tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish ushbu Kodeksning 385 va 388-moddalarida nazarda tutilgan shartlarga rioya etgan holda bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi. Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlar buzilganligining belgilari boʻlgan tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining sud organlariga murojaat qilishi va sudning ishni sudda koʻrish tayinlanganligi toʻgʻrisidagi ajrimini bojxona organlariga taqdim etish maqsadida amalga oshiriladi. Bojxona organi deklarantni va huquq egasini yoki uning vakolatli vakilini tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish sabablari va muddatlari toʻgʻrisida zudlik bilan xabardor qiladi. Huquq egasi yoki uning vakolatli vakili tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish natijasida deklarantga yetkazilgan zarar uchun, agar sud intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquq buzilganligi toʻgʻrisida qaror chiqarmasa, belgilangan tartibda javobgar boʻladi. Intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning buzilganligi belgilari mavjud boʻlgan tovarlarni chiqarib yuborish oʻn ish kuniga qadar toʻxtatib turilgan taqdirda, bojxona organining shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga kiritilgan pul mablagʻlarining oʻttiz foizi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining maxsus jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.