Bojxona kodeksi 392-modda. Intellektual mulk obyektlarini oʻz ichiga olgan tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish muddati

Huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining arizasiga koʻra, bojxona organlari intellektual mulk obyektlarini oʻz ichiga olgan tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turishni ularni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga amalga oshiradi. Agar huquq egasi yoki uning vakolatli vakili sudning ishni sudda koʻrish tayinlanganligi toʻgʻrisidagi ajrimini bojxona organlariga taqdim etgan boʻlsa, ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddat huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining soʻroviga koʻra uzaytirilishi, lekin koʻpi bilan oʻn ish kuniga uzaytirilishi mumkin. Sudning tovarlarni olib qoʻyish, xatlash yoxud daʼvoni taʼminlashning boshqa choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ajrimi (qarori) ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan muddatda huquq egasi yoki uning vakolatli vakili tomonidan taqdim etilgan taqdirda, tovarlarni chiqarib yuborishni toʻxtatib turish sudning ajrimiga (qaroriga) muvofiq amalga oshiriladi.