Bojxona kodeksi 399-modda. Chet davlatlarning diplomatik pochtasini va konsullik pochta qoplarini bojxona chegarasi orqali olib oʻtish

Diplomatik pochtani va konsullik pochta qoplarini oʻz ichiga olgan joylar ushbu joylarning xususiyatini koʻrsatadigan koʻzga tashlanuvchi tashqi belgilarga ega boʻlishi kerak. Bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan chet davlatlarning diplomatik pochta va konsullik pochta qoplari ochilishi ham, ushlab turilishi ham mumkin emas. Konsullik pochta qopida ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilmagan narsalar bor deb gumon qilish uchun jiddiy asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, bojxona organi bojxona organining mansabdor shaxslari ishtirokida tegishli chet davlatning vakolatli shaxslari tomonidan konsullik pochta qopi ochilishini talab qilishga haqli. Pochta qopini ochishdan bosh tortilgan taqdirda konsullik pochta qopi joʻnatilgan joyiga qaytarib yuboriladi. Diplomatik pochtada faqat diplomatik hujjatlar va rasmiy foydalanish uchun moʻljallangan tovarlar, konsullik pochta qopida esa, faqat rasmiy xat-xabarlar va faqat rasmiy foydalanish uchun moʻljallangan hujjatlar yoki tovarlar boʻlishi kerak.