Shikoyat va unga ilova qilinadigan hujjatlar yozma yoki elektron tarzda yuborilishi mumkin. Shikoyatda quyidagilar koʻrsatiladi: 1) shikoyat berilayotgan bojxona organining nomi; 2) shikoyat berayotgan jismoniy shaxsning (uning vakilining) familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi yoki yuridik shaxsning nomi va manzili; 3) shikoyatdagi eʼtirozlarni asoslantiruvchi holatlar; 4) ilova qilingan hujjatlar roʻyxati (mavjud boʻlgan taqdirda); 5) shikoyat berayotgan shaxsning talablari; 6) shikoyat berilgan sana. Shikoyatda telefon raqamlari, elektron pochta manzillari va shikoyatni oʻz vaqtida koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin. Shikoyat uni bergan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Shikoyat shaxsning vakolatli vakili tomonidan berilgan taqdirda, shikoyatga ushbu vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.