Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasi ikki yil muddatga beriladi. Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasini olgan shaxs ushbu Kodeksning 52-moddasiga muvofiq mazkur ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashidan avvalroq bojxona rejimini tugallash huquqiga ega. Bir muncha uzoq davom etadigan qayta ishlash jarayoni talab qilinadigan ayrim toifadagi tovarlarga nisbatan tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddati vakolatli shaxsning arizasiga koʻra bojxona organi tomonidan ikki yildan koʻproq muddatga uzaytirilishi mumkin. Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddati va qayta ishlash muddati tovar bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan kundan eʼtiboran, tovar alohida turkumlar bilan olib chiqilganda esa, tovarning birinchi turkumi bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan kundan eʼtiboran boshlanadi. Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza bojxona organiga ushbu ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashiga kamida bir oy qolganda berilishi kerak. Ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish ruxsatnomani olish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida ariza berilganligi ruxsatnomada koʻrsatilgan tovarni qayta ishlash muddatini uzib qoʻymaydi yoki toʻxtatib turmaydi. Tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasining amal qilish muddatini uzaytirish rad etilgan taqdirda, bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar ushbu Kodeksning 52-moddasiga muvofiq boshqa bojxona rejimiga joylashtirilishi maʼlum qilinishi kerak.