Tovarni bojxona hududida qayta ishlashga quyidagi talablarga va shartlarga rioya etilgan holda yoʻl qoʻyiladi: olib kirilgan tovarni uni qayta ishlash mahsulotlarida identifikatsiyalash; qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini belgilash; tovarlarning bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimini qoʻllashga doir taqiqlar va cheklovlar ostiga tushib qolishini istisno etish; olib kirilgan tovar uchun ushbu Kodeksning 47-bobiga muvofiq bojxona toʻlovlari toʻlanishini taʼminlash, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno; tovarni bojxona hududida qayta ishlash operatsiyalarining ushbu Kodeksning 71-moddasi talablariga muvofiq boʻlishi. Qayta ishlash jarayoni texnik-iqtisodiy asoslarining koʻrsatkichlari yoki identifikatsiyalash usuli yoxud qayta ishlash mahsulotlarning chiqish normasi oʻzgargan taqdirda, tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasini berish toʻgʻrisida yangi ariza berilishi kerak. Bunda yuridik shaxs oʻzgartirilganligi, uning nomi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgarganligi, jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki faoliyat koʻrsatadigan joyi oʻzgarganligi sababli kontrakt (shartnoma, kelishuv) shartlari oʻzgargan taqdirda, yangi ariza berish talab etilmaydi. Tovarni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirish Oʻzbekiston Respublikasining har qanday manfaatdor shaxsi tomonidan, shu jumladan tovarning egasi boʻlmagan yoki bevosita tovarni qayta ishlash operatsiyalarini bajarmaydigan shaxs tomonidan amalga oshirilishi mumkin.